Jamiyat va kommunikatsiyalar rivojlanishining hozirgi bosqichida eng muhim va dolzarb resurs axborot bo‘lib, u o‘tmish bilan tanishish, bugungi kunni rejalashtirish va kelajakni bashorat qilish uchun zarur elementga aylandi. Ma’lumki, har bir soha yillar davomida shakllanib kelgan poydevori asosida rivojlanadi, lekin uni doimiy ravishda yangi vositalar bilan mustahkamlanishida informatsion bilimlar muhim ahamiyatga ega. Hozirgi vaqtda axborot oqimi manbalari turli-tuman bo‘lib, ular orasida retrospektiv materiallar ishonchli ma’lumotlarning yuqori mazmuni bilan ajralib turadi. Bular orasida o‘tgan yillar voqealariga oid dalillarni o‘z ichiga olgan arxiv materiallarini alohida qayd etish lozim. Arxiv hujjatlari ma’lumotlarini o‘rganish davlatlar va jamiyatlar taraqqiyoti tarixining kam o‘rganilgan jihatlariga oydinlik kiritish imkonini beradi, bu esa ularning jahon hamjamiyatidagi bugungi va kelajakdagi o‘rni va mavqeini aniqlashda ham muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda tarix fanini rivojlantirishda arxivshunoslik, arxiv manbashunosligi, hujjatshunoslik sohalarini takomillashtirish, bu borada hujjatlarning tarixiy manbaviy ahamiyatini aniqlash, tarixiy hujjatlarning raqamli nusxalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada sovet davri tarixini aks ettirgan arxiv hujjatlarini xolisona tahlil etish, sovet hokimiyatining Turkiston ASSR, BXSR, XXSR, O‘zbekiston SSRda olib borgan faoliyatining mohiyatini haqqoniy yoritishga qaratilgan tarixiy tadqiqotlarni amalga oshirish muhim sanaladi.
O‘zbekiston Milliy arxivi sovet davri fondlari bo‘yicha Arxiv yo‘lko‘rsatkichini to‘ldirish va elektronlashtirish sohasida amalga oshirilgan ushbu to‘plam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 sentyabrdagi PF-5834-son “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonlari, 2019 yil 20 sentyabrdagi PQ-4463-son “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Mahkamasining 2020 yil 19 martdagi VM-174-son “Arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori hamda sohaga oid boshqa meyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga muayyan darajada xizmat qiladi.
Arxiv hujjatlarining ko‘psonliligi va ularning doimiy ravishda to‘planib borishi ularning arxivda tartibga solinishini taqozo etadi, bu esa, o‘z navbatida, tizimlilikni ta’minlaydi. Bunda arxiv muassasasi tomonidan beriladigan ma’lumotnomalar, ya’ni yo‘riqnoma, inventar, katalog, indeks, ro‘yxat va boshqalar asosiy o‘rinni egallaydi. Ma’lumki, ular arxivning ilmiy ma’lumotnoma apparatini tashkil qiladi. Ma’lumotnomalar materiallarni tasniflash va tizimlashtirishda ma’lum prinsipga rioya qilgan holda belgilangan shaklda tuziladi. Arxiv jamg‘armalari haqida nisbatan to‘liq ma’lumot olishda arxiv yo‘lko‘rsatgichlaridan foydalaniladi, ularda eng yirik arxiv fondlari haqida qisqacha ma’lumotlar qamrab olingan. Qayd etish joizki, fan va texnika taraqqiyotining hozirgi darajasi arxiv foydalanuvchilariga arxivlardan operativ ma’lumotlarni taqdim etish vositasi sifatida arxiv muassasalari ma’lumotnomalarining elektron turlarini yaratishni taqozo etmoqda. Bu jarayon ko‘plab mamlakatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, raqamlashtirish dastlabki hujjatlardan hozirgi kungacha bosqichma-bosqich davom etmoqda. Arxiv ma’lumotnomalari arxivning ishonchli axborot manbai bo‘lib, ular ilmiy tadqiqotlar olib borish, ijtimoiy so‘rovlarni bajarish, fuqarolar, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi ziddiyatli masalalarni hal etish, madaniy tadbirlar o‘tkazish, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqalarga oid hamkorlikdagi turli xalqaro dasturlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday salmoqli ma’lumot beruvchi manbalar qatorida O‘rta Osiyodagi eng yirik arxiv muassasasi O‘zbekiston Milliy arxivining yo‘lko‘rsatkichlarini alohida ta’kidlash joiz. Uning ilmiy-ma’lumotnoma apparatida 5 ta yo‘lko‘rsatkich mavjud: 4 tasi sovet davri (1917–1991 yillar), 1 tasi mustaqillik davri fondlari bo‘yicha bo‘lib, ularning har biri Milliy arxiv tuzilishi va arxiv jamg‘armalari haqida ma’lumot olishda o‘z o‘rniga ega. Ushbu yo‘lko‘rsatkichlarning mazmuni bilan tanishish tadqiqotchiga foydalanuvchi tomonidan talab qilinadigan ma’lumotlarni tezda topish va muammoni hal qilish uchun uning oldiga qo‘yilgan vazifalar yechimini topish imkonini beradi. Arxiv yo‘lko‘rsatkichning tarixiy-manbaviy salohiyatini o‘rganish muhim ahamiyatga egaligi va bugungi kunda dolzarbligini hisobga olgan holda, ushbu tadqiqotda O‘zbekiston Milliy arxivining “1960 yilgi yo‘lko‘rsatkichi”ni yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirish va uni raqamlashtirish maqsad qilib belgilanib, faoliyat amalga oshirildi. Qayd etish joizki, bugungi kunda, ushbu elektron yo‘lko‘rsatkich mamlakatimizda mazkur arxiv sohadagi ilk yaratilgan elektron ma’lumotnoma hisoblanadi.
O‘zbekiston Milliy arxivining 1960 yildagi yo‘lko‘rsatkichi (keyingi o‘rinlarda Yo‘lko‘rsatkich) O‘zbekiston SSR Markaziy davlat arxivi OISQ bo‘limi – Oktyabr inqilobi va sotsialistik qurilishi bo‘limi – tuzilishi va mazmunini to‘liq aks ettiruvchi birinchi to‘liq ilmiy-ma’lumotnoma nashridir. Shu o‘rinda bir oz aniqlik kiritish lozim: mazkur bo‘lim 1931 yil 20 mayda O‘zSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi qarori bilan alohida arxiv sifatida tashkil etilib, u O‘zSSR Oktyabr inqilobi va sotsialistik qurilish Markaziy davlat arxivi deb nomlangan (SGAORSS UzSSR – O‘zSSR OISQMDA). 1935 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, bu arxivda jami 173230 saqlov birligidan iborat 455 fond, 1941 yil 1 yanvarga kelib jami 248872 saqlov birligidan iborat 742 fond jamlangan. 1940–1945 yillarda arxiv tarkibiga: O‘zbekiston SSR kasaba uyushmalari harakati va mehnat arxivi, Davlat harbiy arxivi va bir qator muassasalar arxivlari kiritilgan. 1958 yilda esa bu arxiv yangi tashkil etilgan O‘zSSR Markaziy davlat arxivi tarkibiga bo‘lim sifatida kiritildi. Bu transformatsiya uni “ORSS CGA UzSSR” – O‘zbekiston SSR Markaziy davlat arxivi Oktyabr inqilobi va sotsialistik qurilishi bo‘limi deb atalishiga sabab bo‘ldi.
Mazkur Yo‘lko‘rsatkich, shu jumladan uning raqamlashtirilgan nusxasi, o‘z tuzilishi va mazmuniga ko‘ra, 1960 yilda nashr etilgan yo‘lko‘rsatgichdan birmuncha farq qiladi. Jumladan, fondlar ma’muriy hududiy jihatdan qayta tizimlashtirildi: Turkiston ASSR, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi va O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati va oliy boshqaruv organlari bo‘limlaridagi hujjatlar qayta tasniflandi va 23 ta bobda o‘rin oldi. Yo‘lko‘rsatgichdagi fondlarning o‘zbek, rus va ingliz tillarida sharhlari tayyorlandi.
Yo‘lko‘rsatkichning bo‘limlarida joylashtirilgan arxiv fondlariga qisqacha sharhlar O‘zbekiston Respublikasining sovet davridagi davlat boshqaruvi tuzilmasi, Xalq xo‘jaligining tuzilishi, uning asosiy tarmoqlari, sud-huquq tizimi, faoliyati, tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy muassasalar, mehnatkashlar kasaba uyushmalari tizimi, ilmiy muassasalar va ularning asosiy yo‘nalishlari, to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni o‘zida aks etadi. Yo‘lko‘rsatkich ma’lumotlarini o‘rganishda tizimli yondashuv sovet davridagi aholi va Xalq xo‘jaligi obyektlarining faoliyati tarixiy xususiyatlarini batafsil yoritishga yordam beradi.