Oʻzbekiston Milliy arxiv fondlari boʻyicha onlayn yoʻl koʻsratgich

Ushbu onlayn yo‘lko‘rsatkich Innovatsion rivojlanish agentligining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida Al-442105887-sonli amaliy loyiha asosida ishlab chiqilgan.

TURKISTON ASSR MILLIY ISHLAR BO‘YICHA XALQ KOMISSARLIGI (NARKOMNATS TURKASSR, TURKOMNATS)

Fond raqami:
P-36
Saqlov birligi:
208
Davriy chegarasi:
1918 - 1922

Tashkilot tarixi

Turkiston Sovetlarining 1918 yil 30 apreldagi V qurultoyi qarori bilan Turkiston millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissarligi tashkil etilgan. Uning vazifalari quyidagilardan iborat edi: Sovet hokimiyati g‘oyalarini tegishli millatlar o‘rtasida o‘z ona tilida amalga oshirish; respublika hududida istiqomat qiluvchi millatlar orasida madaniy va sinfiy ongni yuksaltirish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rish; barcha milliy ko‘rinishlardagi aksilinqilobga qarshi kurash; milliy-burjua hukumatlariga qarshi kurash; millatlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni to‘plash.


Turkiston millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissarligi 1919 yil 10 dekabrda o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, Turkiston ASSR MIQning 1921 yil 21 sentyabrdagi qarori bilan yana tiklandi. Turkiston millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissarligi Turkiston ASSR MIQning 1922 yil 14 iyuldagi buyrug‘i bilan tugatilgan.


Fond sharhi

Turkistonda Lenin siyosatini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Turkiston MIQ, XKS, RSFSR va Turkiston ASSR Millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissarliklarining dekret va qarorlari. Turkiston ASSR Millatlar ishlari bo‘yicha komissarlik va uning bo‘limlari to‘g‘risidagi Nizom; RSFSR Millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissari I.V.Stalinning 1918 yil 9 apreldagi "Pravda" gazetasidagi maqolasining nusxasi («Odna iz ocherednix zadach» ("Tezkor vazifalardan biri")).

Millatlar ishlari bo‘yicha komissarlik kengashi majlislarining bayonnomalari. Turkiston Millatlar ishlari bo‘yicha komissarligining  o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari va memorandumlari; mahalliy aholini sovet hokimiyatini  qurish ishlariga jalb qilish, qishloq va ovullarda bolsheviklar partiyasining bo‘limlarini paydo bo‘lishi to‘g‘risida, TASSR millatlar ishlari bo‘yicha komissarlikning viloyat milliy boshqarmalari vakillarining axborot-ma’lumotlari, qishloq sovetlarining  yer-suv qo‘mitalarini tashkil etish to‘g‘risidagi hisobotlar, ma’lumotlar va yozishmalar. Kurslar, kutubxonalar, o‘quv zallari ochish, Moskva va Leningrad universitetlariga mahalliy millat vakillaridan bo‘lgan talabalarni yuborish, komissarlik qoshidagi milliy bo‘limlarni (o‘zbek, tojik, turkman, qirg‘iz va boshqalar) tashkil etish to‘g‘risida; va ularning faoliyati haqida; Turkiston haqidagi tarixiy va etnografik ma’lumotlar.